Jasoratlar


"Qariyb yarim million yurtdoshimiz shu urushda halok bo'lgani, qancha-qanchasi nogiron, mayib-majruh bo'lib qaytgani, qancha-qancha ayollar beva, bolalar yetib bo'lib qolganini har qaysi oila hali-beri esidan chiqarmaydi. Boshqacha qilib aytganda, yurtimizda birorta xonadon yo'qki, mana shu mudhish urushning jabrini o'z boshidan o'tkazmagan bo'lsa"
I.A.Karimov

Brest qal’asi mudofaasi (1941 yil 22 iyun - 1941 yil 30 iyul):

Urushning dastlabki kunlarida Brest qal’asining himoyasida O’zbekistonliklardan Ahmad Aliyev, Doniyor Abdullayev, Bobokomil Kashanov, Uzoq O’tayev, Nurum Siddiqov, Madamin Hojiyev, Rahimboy Arslonboyev, Saidahmad Boytemirov va boshqalar qatnashdilar. Brest qal’asida 5000 kishi Uchinchi Reyx(Germaniya)ning 17000lik qo’shinini 1941 yil 22 iyundan – urushning birinchi kunidan 1941 yil 30 iyulgacha ushlab turdi.

Xarkov operatsiyasi (1941 – 1942):

353-tog’-o’qchi polki jangchisi Andijonlik Qo’chqor Turdiyev 1941 yil 25 oktyabr kuni Ukrainaning Xarkov viloyatida (Janubi-g’arbiy front) bir o’zi razvedka paytida dushman o’qotar tochkasini hamda 9 soldat va ofitserni yo’q qilib, uch askarni asir oldi. Qo’chqo’r Turdiyevga 1942 yil may oyida Qahramon unvoni berildi. U Qizil Bayroq ordeni va boshqa mukofotlar bilan taqdirlangan.

Sevastopol himoyasi (1941 – 1942) va Kavkaz uchun jang (1942 yil 25 iyul – 1943 yil 9 oktyabr):

G‘arbiy chegaralardagi dastlabki janglarda toshkentlik Zokir Karimov jasorat ko‘rsatdi. U Qrim va Kavkazda ham dushman bilan olishdi, mardlik va jasorati uchun I va II darajali «Shuhrat» va boshqa ordenlar hamda «Jasorati uchun» medali bilan taqdirlandi. O’zbekistonlik jangchilardan jami 2974 kishi “Kavkaz mudofaasi uchun” medali bilan taqdirlandi.

Moskva jangi (1941 yil 30 sentyabr – 1942 yil 20 aprel):

Turkiston harbiy okrugida Markaziy Osiyoliklardan tashkil topgan general-mayotr I.V. Panfilov boshchiligidagi 316-o’qchi diviziya mislsiz jasorat ko’rsatdi, dushmanning bir necha baravar ustun kuchlariga qarshi kurash olib borishdi va 26 000dan dushman askarini, 114 tank, 5 samolyot va boshqa ko’plab harbiy texnikasini ishdan chiqarishdi.Moskva ostonalarida bo’lgan janglarda o‘zbekistonlik merganlar Is’hoqov 354 fashistni, Abubekov 229, Yusupov 132, Madaminov 123 fashist askar va zobitlarini yer tishlatdilar. O’zbekistonlik jangchilardan jami 1753 kishi maxsus ta’sis etilgan “Moskva mudofaasi uchun” medali bilan taqdirlandi.

Odessa mudofaasi (1941 yil 5 avgust – 16 oktyabr):

Odessa mudofaasida Hamza Zaripov boshchiligidai sapyorlar rotasi minalashtirilgan yo’lda dushmanning 27 tanki va 13 bronetransportyorini yo’q qildi. Odessa mudofaasida qatnashgan Omon Umarov dushmanning qurol-aslaha ortilgan 40 avtomobildan iborat kolonnasiga qarshi hujumda jasorat ko‘rsatdi, bir o‘zi dushmanning 3 avtomashinasini safdan chiqardi va 9 nemis askarini yer tishlatdi. Omon Umarovning kichik harbiy bo‘limi Odessa yonida qurilgan dushman aerodromiga hujum qilib dushmanning 16 samolyoti va 30 avtomashinasini yondirib yubordi. Uning bir o‘zi dushmanning 12 askarini yo‘q qildi.

Stalingrad jangi (1942 yil 17 iyul – 1943 yil 2 fevral):

Stalingrad jangida mergan Hayit Hojametov bir o’zi dushmanning 417 askarini tor-mor qildi. Ahat Bobomurotov bir jangning o’zida dushmanning 4 tankini yo’q qildi. Boboqul Abzalov dushmanning 51 askarini yo’q qildi. O’zbekistondan Qo’ziboyev, Toshpo’latov, Abdurasulov va boshqalar ham jasorat ko’rsatdilar.

Belorussiyaning ozod qilinishi (1944 yil 23 iyun – 29 avgust):

Gomel viloyatidagi Shari daryosini kechib o’tish chog’ida Odil Vohidov bo’linmasi oz sonli jangchilar bilan dushmanning 11 hujumini qaytarishdi, Odil Vohidov va Yo’ldosh Bahromov o’z hayotlarini qurbon qilish evaziga dushman texnikasini yo’q qilishdi. O’zbekistondan Soli Adashev, Ro’zi Azimov, G’ulom Yoqubov, I.Xo’jayev va boshqalar Qahramon unvoniga sazovor bo’ldilar.

Birga ishlaylik!


Agar o'z ajdodlaringizning jasoratini portalga joylashtirib, uni hamma bilishini istasangiz bizga murojaat qiling. Biz sizga yordam beramiz.

Xotira abadiydir!!!